Toshkent va Qoraqalpog‘istonda korrupsiya holatlari aniqlandi
Maktab va bog‘cha mutasaddilarining noqonuniy harakatlari fosh bo‘ldi.

Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ta’lim sohasidagi noqonuniy harakatlar fosh etildi.
Olib borilgan tekshiruvlar natijasida Olmazor tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istagan fuqaroning ishonchiga kirganligi ma’lum bo‘ldi. U o‘zining mansabdor tanishlari orqali Shayxonto‘hur tumanida joylashgan to‘rtta umumta’lim maktabining futbol maydonlarini auksion orqali uzoq muddatga ijara huquqi bilan olib berishga va’da bergan. Buning evaziga u fuqaroning 8500 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘ini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyo dalillari bilan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi 1-qismi (pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa bir holatda, Qoraqalpog‘iston Respublikasining tumanlaridan birida maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, ushbu bo‘limning bosh mutaxassisi bilan o‘zaro til biriktirgan. U maktabda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchini tuman hududidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari lavozimiga tayinlash evaziga undan 15 million so‘m miqdorida pora talab qilgan. Ushbu pul mablag‘ini bosh mutaxassis orqali olayotgan vaqtida DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ta’lim tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari davom ettirilmoqda.







