Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiyalar hajmini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, iqtisodiy diplomatiya yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish orqali inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy xavfsizlik esa davlat xavfsizligining mustahkam poydevori hisoblanadi.
Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi. Tarixda ilk bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport hajmi 33,5 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar oqimi esa 43 milliard dollardan oshdi.
O‘tgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollarga ko‘paygani alohida ta’kidlandi. Elchilar xorijiy investorlar va yirik kompaniyalar bilan tizimli ishlagan taqdirda, ushbu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Misol tariqasida Iroq bozori keltirildi. Ushbu mamlakat ichki ehtiyojni qoplash uchun har yili qariyb 100 milliard dollarlik mahsulotni import qiladi. Shu munosabat bilan Iroqdan 150 ta yirik kompaniya O‘zbekistonga taklif etilgani ijobiy baholandi. Ular mamlakatimiz sanoat salohiyati bilan yaqindan tanishib, O‘zbekiston mahsulotlarini Yaqin Sharq bozorlariga olib chiqish rejalari borligini bildirgan.
Natijada joriy yilning o‘zida Iroqqa yuzlab million dollarlik mahsulotlar eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, elchilar Vyetnam, Bahrayn va Portugaliya bilan ham shu model asosida ishlab, yangi hamkorlar topishi va bozorlarga kirishni jadallashtirishi lozimligi ta’kidlandi.
O‘tgan yili Yevropa davlatlariga eksport 23 foizga oshib, 2,3 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, ayrim mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalar tomonidan o‘zbek mahsulotlarini targ‘ib qilish borasida yetarli natijaga erishilmagani tanqid qilindi.
Fransiya kimyo sanoati mahsulotlari uchun istiqbolli bozor ekani qayd etilib, Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi kimyo korxonalari uchun yangi eksport imkoniyatlari mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan Fransiyadagi vakolatxonaga mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talab va standartlarni ishlab chiqaruvchilarga yetkazish hamda ko‘rgazmalar tashkil etish topshirildi.
Umuman, Yevropaning qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlariga mineral o‘g‘it eksportini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi belgilandi.


