O‘zbekiston hukumatining 2025-yil 4-sentabrdagi 562-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolarga avtomototransport vositalari uchun o‘zlari xohlagan harf va raqam kombinatsiyasidan iborat noyob davlat raqami belgilarini olish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur tartibga ko‘ra, oltitagacha harf va (yoki) raqamdan tashkil topgan maxsus raqam belgilarini “Uzavtomotobelgi” DUK ochiq kim oshdi savdolari orqali aholiga taqdim etadi.
Noyob davlat raqamlari amaldagi raqam belgilarini takrorlamasligi, shuningdek qonunchilik talablariga zid yoki axloqiy me’yorlarga xilof ma’noga ega bo‘lmasligi belgilangan.
Shu tariqa, yaqin kelajakda respublika yo‘llarida “SARVAR”, “AZIZA”, “ODIL”, “BUXORO” kabi yozuvlar tushirilgan mashina raqamlari uchray boshlaydi.


