Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida Lacetti chuqurga tushib ketib, yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqida viloyat IIBB YHXB maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 5:15 larda Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri hududidan o‘tgan Toshkent-Dushanbe avtomobil yo‘lining 26-kilometrida haydovchi Lasetti rusumli transport vositasini boshqarib ketayotgan vaqtida ehtiyotsizlik oqibatida shu joyda qurilayotgan yerosti piyodalar o‘tish joyidagi chuqurga tushib ketgan.
Ushbu yo‘l-transport hodisasi natijasida haydovchi va 2 nafar yo‘lovchilar Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasiga murojaat qilishgan.
Holat yuzasidan Yangiyo‘l shahar IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


