Andijon viloyatining Andijon tumanida kanalda suv hajmi ortib, qirg‘oq va dambalaridan suv toshib ketdi. Bu haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 11-oktyabr kuni soat 07:58 da Andijon tumani hududidan oqib o‘tuvchi mahalliy kanalda suv hajmi ortib ketgani hisobiga qirg‘oq va dambalaridan qisman suv toshib chiqqan. Oqibatda bir nechta aholi yashash xonadonlarining tomorqasiga suv kirgan.
Hozirda Irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi tomonidan ushbu mahalliy kanalga suv tashlash to‘xtatilgan. Damba va qirg‘oqni muhandislik texnikalari bilan tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.


