2026-yildan boshlab yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlar (YATT) va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qildi. Yangi tizim biznes uchun qulay sharoit yaratish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va tadbirkorlarni ochiq faoliyat yuritishga rag‘batlantirishni maqsad qilgan.
So‘nggi yillarda soliq turlari 13 tadan 9 taga qisqartirildi, 100 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada kuzatilmayotgan iqtisodiyot ulushi 2019-yildagi 45–50 foizdan hozirda 35 foizga tushdi. Shunga qaramay, davlat rahbari ushbu ko‘rsatkichni yanada kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Ta’limotda ilg‘or texnologiyalar asosida yangi yondashuvlarni qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar sohalarida ham joriy etish topshirildi.
Misol sifatida, Toshkent shahrida jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilgach, real yo‘lovchilar soni avvalgi hisob-kitoblardan 30 foiz ko‘proq ekani aniqlangan. Raqamlashtirilgan dehqon bozorlari va buyum bozorlari esa tushumni 2–3 barobar oshirgan. Shu bois, barcha litsenziya va ruxsatnoma jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, soliq va bojxona tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘yayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Mirziyoyev nazorat choralarini kuchaytirishning o‘zi yetarli emasligini, buning uchun aholida va tadbirkorlar orasida soliq madaniyatini yuksaltirish ham zarurligini qayd etdi. Halollik va ochiqlik tamoyillarini targ‘ib etish, to‘g‘ri ishlayotganlarni rag‘batlantirish orqali yashirin iqtisodiyotni kamaytirish maqsad qilinmoqda. Shu orqali mamlakat iqtisodiy barqarorligi, farovonligi va byudjet daromadlari oshishi kutilmoqda.


