Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahrida sodir bo‘lgan janjal jinoyat ishiga sabab bo‘ldi.
Viloyat IIB axborotiga ko‘ra, 5-avgust kuni Turon ko‘chasidagi ikki savdo do‘koni xodimlari o‘rtasida kelib chiqqan ish yuzasidagi kelishmovchilik tez orada jismoniy to‘qnashuvga aylanib ketgan. Mojaroga boshqa do‘kon xodimlari ham qo‘shilib, natijada bir necha kishi tan jarohati olgan.
7-avgust kuni esa shu hududda yana tartibsizlik yuzaga kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir shaxs do‘kon yaqinida qo‘pollik qilib, qalampir gazidan foydalangan, so‘ng tosh otib, sotuvchiga jarohat yetkazgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda mojaroda ishtirok etgan barcha shaxslar qo‘lga olingan, dastlabki tergov davom etmoqda.


