O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xalqaro til sertifikati bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilarini ishdan bo‘shatish yuzasidan hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlariga rasmiy ko‘rsatma bermaganini ma’lum qildi.
Vazirlikning O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashiga yuborgan rasmiy javob xatida qayd etilishicha, joriy o‘quv yilidan boshlab xorijiy til o‘qituvchilarida kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat bo‘lishi talabi bo‘yicha mehnat shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risida hech qanday topshiriq berilmagan.
Shuningdek, javob xatida ta’kidlanishicha, avgust oyida xorijiy til o‘qituvchilari uchun chet tilini bilish darajasini aniqlash maqsadida qo‘shimcha test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Ma'lumot o‘rnida, joriy yil iyul oyi oxirida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashi xalqaro til sertifikati bo‘lmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatmaslik bo‘yicha Vazirlikka rasmiy taqdimnoma kiritgan edi.


