O‘zbekistonda 29 nomdagi tuz mahsulotlari namunalari sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamkor tashkilotlar bilan birga 29 nomdagi tuz mahsulotlari namunalarini sinovdan o‘tkazdi.
“Achinarlisi, 22 nomdagi osh tuzining yaʼni, 76 foizi laboratoriya natijalariga ko‘ra amaldagi talablarga nomuvofiq deb topildi. Ularda yod miqdori kamligi maʼlum bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Yod miqdori kam osh tuzlari:
- “Ideal” osh tuzi;
- “Dunyo” osh tuzi;
- “Saxovat” osh tuzi;
- “Kafolat”osh tuzi;
- “Safo” osh tuzi;
- “Ozoda-uz” osh tuzi;
- “Baraka” osh tuzi;
- “Oshpaz” osh tuzi;
- “Orol” osh tuzi;
- “Yagona ishonch” osh tuzi;
- “Safir” osh tuzi;
- “Zarafshon kumush tuzi”, “Salina”, “Aziya” va “Melkaya” osh tuzlari;
- “Osh tuzi” va “Fayzli” osh tuzlari.
Tuz mahsulotlarini xarid qilishdan avval uning qadog‘idagi quyidagi maʼlumotlarni tekshirish lozim:
- mahsulot nomi, sorti va hajmi;
- yodlangan qo‘shimchaning nomi;
- tarkibidagi yod miqdori;
- netto og‘irligi (kg);
- ishlab chiqarish sanasi (kun, oy, yil);
- saqlash muddati;
- saqlash shartlari;
- mazkur standartda ko‘rsatilgan boshqa maʼlumotlar.
Qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarida uning sifati, tashqi qadog‘idagi axborotlarning mavjudligi va sanitariya-epidemiologik xulosasi bo‘lmasa Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 “Call markazi” yoki info@antimon.gov.uz elektron pochtasiga xabar yuborish mumkin.
Maʼlumot uchun, har yili dunyoda 38 millionga yaqin bola yod tanqisligi xavfi bilan tug‘iladi. Qolaversa, bu modda yetishmasligi qalqonsimon bez va ovqat hazm qilish organlari faoliyati bilan bog‘liq turli jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi.


