31-dekabr — 7-yanvar kunlari respublika hududlarida ob-havo asosan o‘zgaruvchan bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 31-dekabrda ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, keyingi kunlarda esa yog‘ingarchilik deyarli kutilmaydi. Ba’zi hududlarda tuman tushishi ehtimoli bor, shamol esa sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi, ayrim kunlari kuchayadi.
Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 31-dekabr va 3-yanvar kunlari yomg‘ir, ba’zi joylarda qor bilan aralash yog‘ingarchilik kuzatiladi. Qolgan kunlarda asosan quruq ob-havo saqlanadi. Harorat kunduzlari 3–13 daraja iliq atrofida bo‘lib, kechalari ayrim kunlari sovuq tushadi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ham ob-havo beqaror bo‘ladi. Ayrim kunlari yomg‘ir yog‘ishi, shamol kuchayishi mumkin. Kunduzgi harorat asosan 7–15 daraja iliq bo‘lib, haftaning ikkinchi yarmida kechasi havo biroz soviydi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa yog‘ingarchilik kam, asosan tumanli va salqin ob-havo kuzatiladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida 31-dekabr — 3-yanvar kunlari yomg‘ir va qor yog‘ishi, ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. 4-yanvardan boshlab yog‘ingarchilik kutilmaydi, biroq sovuq kuchayadi. Mutaxassislar tog‘li hududlarda harakatlanayotgan haydovchilar va sayyohlardan ehtiyotkor bo‘lishni so‘ramoqda.


