Afg‘onistonda hukmronlik qilayotgan “Tolibon” harakati oliy ta’lim tizimida yangi tartibni joriy etdi. Afghanistan International nashrining xabar berishicha, mamlakat Oliy ta’lim vazirligi universitet o‘qituvchilari hamda to‘rtinchi darajadan past lavozimdagi xodimlarga ish vaqtida smartfonlardan foydalanishni man etdi.
Vazirlik hujjatida qayd etilishicha, smartfonlardan foydalanish “ishni murakkablashtiradi va xodimlarning e’tiborini chalg‘itadi”. Shu boisdan, universitetlar va kollejlarda professor-o‘qituvchilar hamda ma’muriy xodimlar ish jarayonida telefon olib kirish yoki undan foydalanish huquqiga ega emas. Yuqori lavozimdagi xodimlarga esa smartfonlardan foydalanishni bosqichma-bosqich kamaytirish tavsiya etilgan.
“Ilm ahli o‘z xizmat joylarida smartfonlardan foydalanmasligi kerak”, — deyiladi vazirlikning rasmiy bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” avval ham smartfonlardan voz kechish masalasini muhokama qilgan. Harakat yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda o‘tgan yili diniy ulamolarga “smartfonlardan diniy asosda voz kechish yo‘lini topish” bo‘yicha murojaat qilgan edi.
So‘nggi kunlarda Afg‘onistonda internet xizmatlarining cheklanishi va ayrim telekanallarning faoliyatida uzilishlar kuzatilmoqda. “Tolibon” hokimiyatga kelganidan beri mamlakatda ta’lim, axborot texnologiyalari va shaxsiy erkinlik sohalarida qat’iy cheklovlar davom etmoqda.


