CBS News hukumat ichki hujjatlariga tayanib xabar berishicha, AQSh hukumati o‘z ixtiyori bilan mamlakatni tark etishga rozi bo‘lgan 14 yoshdan katta o‘smir migrantlarga 2500 AQSh dollari miqdorida bir martalik to‘lov ajratishni ko‘zda tutmoqda.
Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish departamenti (HHS) tomonidan tayyorlangan hujjatda qayd etilishicha, mazkur to‘lov Milliy xavfsizlik departamenti orqali amalga oshiriladi va “Qo‘shma Shtatlarni o‘z xohishi bilan tark etish istagini bildirgan hamrohsiz chet ellik voyaga yetmagan shaxslarga” beriladi.
To‘lov Qochqinlarni joylashtirish boshqarmasi (ORR) qaramog‘idagi migrant bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, bu mablag‘ “ketishdan keyingi reintegratsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” maqsadida ajratiladi. Meksikalik o‘smirlar ushbu dasturdan foydalana olmaydi.
AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) ma’lum qilishicha, dastlab 17 yoshli voyaga yetmaganlar uchun joriy etiladigan “ixtiyoriy ketish” dasturi bolalarga o‘z kelajagi borasida mustaqil qaror qabul qilish imkonini beradi.
ICE bayonotida “repatriatsiya uchun to‘lovlar immigratsiya sudyasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin, shaxs o‘z mamlakatiga qaytgach amalga oshiriladi”, — deyiladi.
Eslatib o‘tamiz, may oyida AQSh hukumati mamlakatdagi voyaga yetgan muhojirlarga ham o‘z ixtiyori bilan vatanga qaytgan taqdirda 1000 dollar to‘lov taklif etgan edi.


