Rossiyada terrorizmni moliyalashtirishda ayblanib hibsga olingan shaxs terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Rosfinmonitoring rasmiy sayti xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatga T.E, 1979-yil 7-may Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro kiritilgan.
RIA Novosti xabariga ko‘ra, T.E 2025-yil 5-avgust kuni Moskvada qo‘lga olingan. U terrorizmni moliyalashtirishda ayblanib, sud qarori bilan tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
Tergov hujjatlarida ish 2022-yilda “Revolyutsiya” nomli onlayn loyiha bilan bog‘liq moliyaviy faoliyatga taalluqli ekani qayd etilgan. Ushbu loyiha xorijda yashayotgan, Rossiyada faoliyati taqiqlangan “Artpodgotovka” tashkilotiga aloqador bo‘lgan Vyacheslav Maltsev tomonidan boshqarilgan.
Rosfinmonitoring reestriga kiritilgan shaxslar va tashkilotlarga bir qator cheklovlar qo‘llaniladi. Jumladan, ularga ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, internetda material joylashtirish, ommaviy tadbirlar tashkil etish, saylovlarda qatnashish, shuningdek, soliqlar va ish haqi bilan bog‘liq to‘lovlardan tashqari moliyaviy xizmatlardan foydalanish taqiqlanadi.


