1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Ajdodlarimiz til uchun kurashganmi?

Albatta, o‘tganlarni tanqid qilish yaxshi ish emas. Ular allaqachon bu olamni tark etishgan. Forsiy tilni ham ayblash noo‘rin. Bu tilda insoniyatning go‘zal maʼnaviy durdonalari yaratildi. Ammo bobolarimiz til borasida biroz qatʼiyatli bo‘lishganda tilimiz bugun hozirgidan ko‘ra ancha qudratli, keng qamrovli bo‘larmidi?

Ajdodlarimiz til uchun kurashganmi?

Albatta tarixda ham hozirgidek millat uchun, Vatan uchun ona tilimiz uchun kurashgan buyuk insonlar o‘tganini inkor etib bo‘lmaydi. Ammo, afsuski, dunyoning katta qismida hukmronlik qilgan buyuk sulolalar vakillari, tojdor ajdodlarimiz ona tilimiz uchun yetarlicha joy kuydirishmagan. Buni uzoq yillik kuzatishlarimga tayanib aytyapman.

 

Markaziy Osiyo, xususan yurtimiz hududida turkiy tilli xalqlar ming yillardan beri yashab keladi. Arab xalifaligi davrida ilk bor davlat boshqaruvini qo‘lga olgan mahalliy sulola – somoniylarning kelib chiqishi haqida hali yakdil xulosaga kelinmagan bo‘lsa-da, ularning davrida mahalliy aholining katta qismi so‘zlashadigan  turkiy til emas, forsiy til rivojiga katta eʼtibor qaratilgani aniq. Taassufki, somoniylar davriga oid turkiy manbalar bizgacha yetib kelmagan yoki yetarlicha o‘rganilmagan.

 

Shundan so‘ng toj-taxt g‘aznaviylar, saljuqiylar, xorazmshohlar va boshqa sulolalarga o‘tsa-da, xalqning katta qismi turkiylar bo‘lsa-da, davlat boshqaruvi, taʼlim, yurisprudensiya, ilm-fan va adabiyot uchun turkiy til yuqori mavqega ko‘tarilolmadi. to‘g‘rirog‘i hukmdorlar buning uchun jiddiy harakat qilmadilar.

 

Olimlar o‘z ilmiy ishlarini arab tilida olib bordilar. Shoirlar forsiyda podshohlarni maqtab qasidalar, dostonlar bitdilar, tarixchilar asarlar yozdilar, mufassirlar tafsirlar tuzdilar. Hukmdorlar ularni rag‘batlantirdilar. O‘zlari ham farmonlarini, xat-xabarlarni forsiyda imzoladilar.

 

Faqatgina Qoraxoniylar davrida turkiy tilga bir muncha eʼtibor qaratilgani rost. Chunki, shimoli-sharqiy hududlarda yashagan qoraxoniy hukmdorlar fors tilini yaxshi bilishmagan.

 

Sohibqiron Amir Temur va temuriylarning merosi bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Bu davrda chindan ham yuksak ilmiy kashfiyotlar qilindi, bebaho asarlar bitildi. Ammo, tan olish kerak, davlatning asosiy tili baribir forsiy bo‘lib qolaverdi. Garchi Amir Temurning bir qancha yorliqlari, zafarnomalari turkiyda yaratilgan bo‘lsa-da, asosiy farmonlar, xalqaro yozishmalar fors tilida olib borilgan.

 

Amir Temurning Fransiya, Angliya hukmdorlariga yuborgan maktublari ham forsiyda bitildi. Hatto Usmoniylar xonadoni vakili, turk sultoni Boyazidga ham Sohibqironning nomalari fors tilida yuborilgan edi. Ammo, Boyazid Amir Temurga usmonli turkchasida javob qaytargan.

 

Yaxshiki, millat taqdiriga Alisher Navoiydek buyuk mutafakkir bitilgan ekan. Navoiy turkiy til mavqeini osmon qadar ko‘tardi. O‘lmas asarlar bitdi. Shu bilan birga shu til taqdiri uchun jon koyitdi, qayg‘urdi. O‘z asarlari yetti pushti turk bo‘la turib, o‘z ona tiliga bepisand qaragan vallomatlarni tanqid qildi. Navoiyning taʼsirida sulton Husayn Boyqaro ham turkiy tilni qo‘llab-quvvatlab farmonlar chiqardi. Ammo, baribir forsiy til o‘z ustunligini saqlab qoldi.

 

Zahiriddin Muhammad Boburni o‘zbek adabiyotining yetuk vakillaridan biri sifatida ulug‘laymiz. Bobur ham o‘z farmonlarini forsiy tilda chiqargan – bu ayni haqiqat. Chunki, saroy tili forsiy edi. Qalam, daftar  (kanselyariya) forsiyzabonlar qo‘lida edi. Turkiy hukmdorlar davrida anʼanaga ko‘ra armiya, qurol-yarog‘, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash  turkiy bek va amirlarga, saroy mansablari, ilm-fan, taʼlim, hujjatlar, kitobat forsiyzabon vazir va mulozimlarga topshirilgan. Bu anʼana keyingi xonliklar davrida ham davom etdi. Garchi shayboniy, ashtarxoniy hukmdorlar turkiy tilda sheʼrlar bitishga urinsalar-da, saroyda turkiy til mavqeini ko‘tarishga yetarlicha eʼtibor qaratmadilar.

 

Buxoroda hukumat o‘zbek mang‘itlari qo‘liga o‘tgach, davlat yana-da forslashdi. XVIII  asr oxirlarida Usmoniylar arxividan topilgan bir hujjatda Buxoro amirining elchisi sulton bilan tarjimon vositasida   forscha so‘zlashgani qayd etilgan. Forsiy til nafaqat saroy, balki podshoh xonadonida ham yagona muloqot vositasiga aylandi. Amir Muzaffarning 1861 yilda o‘z onasiga bitgan maktubi ham forsiyda ekani shundan dalolat beradi. Holbuki amirning otasi ham, onasi ham o‘zbek urug‘lariga mansub edi.

 

Qolgan xonliklarda-chi? Qo‘qon xonligida turkiy til mavqei bir muncha yuqori bo‘lgan, turkiy tildagi adabi muhit shakllangan bo‘lsa-da, ish yuritish asosan forsiy tilda qolaverdi. Qo‘qon xonlari oilasiga mansub Hakimxon to‘ra o‘z “Muntaxab ut-tavorix” asarini forsiyda bitgani shundan dalolat. Hatto oddiy aholi vakillari ham meros, qarz, oldi-sotdi shartnomalarini fors tilida tuzishgan.

 

Xiva xonligida Qo‘ng‘irotlar davridan davlat ishlari turkiyda yuritila boshlagan, ko‘p asarlar turkiyda yaratilgan va tarjima qilingan. Ammo, Xivadagi ko‘plab tarixiy obidalardagi forsiy bitiklar davlatchilik eski qoliplardan to‘la chiqa olmaganini ko‘rsatadi.

 

Albatta o‘tganlarni tanqid qilish yaxshi ish emas. Ular allaqachon bu olamni tark etishgan. Forsiy tilni ham ayblash noo‘rin. Bu tilda insoniyatning go‘zal maʼnaviy durdonalari yaratildi. Ammo bobolarimiz  til borasida biroz qatʼiyatli bo‘lishganda tilimiz bugun hozirgidan ko‘ra ancha qudratli, keng qamrovli bo‘larmidi? To‘g‘ri fors tili ilmiy istilohlar, rasmiy ifodalar uchun kotiblarga bir muncha qulayroq tuyulgandir. Ammo, turkiy til ham ko‘proq ishlatilsa, pishitilsa, sayqallansa, kutilgan natijani berardi.

 

RUSTAM IQBOL

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика