Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 2025-yil 27-oktabrdan boshlab “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Andijon va Istanbul shaharlarini bog‘lovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi.
Parvozlar haftasiga ikki marta — dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Qatnovlarga oid batafsil jadval hamda chipta narxlari “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Transport vazirligining qayd etishicha, Andijon aeroportidan hozirda Rossiyaning bir qator yirik shaharlariga — Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Irkutsk hamda Toshkent yo‘nalishlariga muntazam reyslar amalga oshirilmoqda. Kelgusida bu ro‘yxatni kengaytirish rejalashtirilgan.
Ma’lumki, joriy yilda Andijon xalqaro aeroporti to‘liq rekonstruksiya qilindi. Yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi natijasida endilikda aeroport Boeing 747 va Airbus A330 kabi yirik samolyotlarni ham qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.


