1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Jizzaxda AES qurilishiga, Toshkentda esa Yadro tibbiyoti markaziga start berildi

Loyiha MAGATE talablariga to‘liq mos holda amalga oshirilmoqda.

Jizzaxda AES qurilishiga, Toshkentda esa Yadro tibbiyoti markaziga start berildi

Dushanbe shahrida o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammitlari doirasida O‘zbekistonning energetika va tibbiyot sohasida yangi bosqichni boshlab beruvchi yirik loyihalarga rasmiy start berildi.

 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasi agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev hamda Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov ishtirok etdi. Teleko‘prik orqali Jizzax viloyatining Forish tumanida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi binosi uchun kotlovan qazish ishlari boshlandi. Shu bilan birga, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida Yadro tibbiyoti markazini barpo etish loyihasiga ham start berildi.

 

Jizzaxdagi AES loyihasi mamlakat energetika tizimini barqarorlashtirish va kelgusida arzon hamda ekologik toza energiya manbaini ta’minlashga xizmat qiladi. Loyiha “Rosatom” bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Unda ikki yirik va ikki kichik quvvatli reaktor qurilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlari to‘liq xalqaro hamkorlik asosida olib boriladi hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE)ning barcha xavfsizlik talablari qat’iy bajariladi.

 

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, AES loyihasi xalqaro xavfsizlik standartlariga to‘liq mos keladi. MAGATE ekspertlari tomonidan maydon, infratuzilma va loyihaviy yechimlar chuqur tahlil qilingan.

 

Shu bilan birga, Toshkentda bunyod etiladigan Yadro tibbiyoti markazi sog‘liqni saqlash sohasida tub o‘zgarishlar bosqichini boshlab beradi. Loyiha doirasida zamonaviy radiologik tashxis, proton terapiyasi va izotop texnologiyalari yo‘lga qo‘yiladi. Markaz yiliga 8 mingga yaqin bemorni erta bosqichda tashxislash imkonini beradi.

 

Ushbu markazning barpo etilishi O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqmasdan ilg‘or tibbiy xizmatlardan foydalanish imkonini yaratadi. Shuningdek, bu sohada yuzdan ortiq yuqori texnologiyali ish o‘rni yaratiladi, ilmiy-tadqiqot va kadrlar tayyorlash tizimi yangi bosqichga ko‘tariladi.

 

Mazkur loyihalar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikning amaliy natijasi bo‘lib, mamlakatimizning energetik mustaqilligi hamda sog‘liqni saqlash tizimining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика