Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan farzandining 18 yoshga to‘lguniga qadar bo‘lgan aliment majburiyati muddatidan oldin to‘liq to‘lab berildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi 6-avgust kuni ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Andijon tumanlararo fuqarolik sudining qaroriga muvofiq, A.A. ismli fuqaro sobiq turmush o‘rtog‘i O.M. foydasiga farzandining ta’minoti uchun aliment to‘lashi belgilangan. Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Andijon shahar bo‘limiga kelib tushganidan so‘ng, qonuniy harakatlar boshlab yuborilgan.
Ijro jarayonida fuqaro A.A. o‘z tashabbusi bilan farzandining 18 yoshga to‘lguniga qadar belgilangan alimentni bir yo‘la to‘lab berish istagini bildirgan. Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgan bo‘lib, undiruvchi bu orqali 1,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni oldindan olganini rasmiy tilxat orqali tasdiqlagan.
Konstitutsiyaning 77-moddasida belgilanishicha, ota-onalar farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqish, tarbiyalash va ta’lim olishini ta’minlashga majburdir.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Nukusda 2,2 milliard so‘mlik oldindan to‘langan aliment holati MIB amaliyotida rekord ko‘rsatkich sifatida qayd etilgandi.


