Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti olimlari tomonidan Parkinson kasalligini davolash va oldini olishga mo‘ljallangan innovatsion dori vositasi ishlab chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Mazkur ixtiro IAP 8162 raqami ostida davlat reyestriga kiritilgan va qonuniy himoyaga ega. Preparat past darajadagi nojo‘ya ta’sirlari bilan ajralib turadi va tabiiy manbalardan olingan.
Preparatning asosiy faol moddasi kaper (Capparis spinosa) o‘simligining kurtaklari hamda pishmagan mevalaridan olinadigan ekstrakt hisoblanadi. U quyidagi biologik faol birikmalarni o‘z ichiga oladi:
polisakkaridlar – 30–35 foiz,
flavonoidlar – 5–10 foiz,
suvda eriydigan oqsillar – 20–25 foiz.
Ma’lumot uchun, Parkinson kasalligi markaziy asab tizimining surunkali buzilishi bo‘lib, titroq, mushaklarning qotib qolishi va harakatlanishning sekinlashuvi kabi alomatlar bilan kechadi.
Adliya vazirligining ta’kidlashicha, sanoatda qo‘llashga yaroqli bo‘lgan har qanday yangi texnik yechim ixtiro sifatida ro‘yxatga olinib, huquqiy himoyaga ega bo‘ladi.


