Qo‘shma Shtatlarda qor yog‘ishi, keskin sovuq bilan kechgan kuchli bo‘ron oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi. Tabiiy ofat sabab bir milliondan ortiq iste’molchi elektr ta’minotisiz qolgan, 24 shtatda favqulodda holat e’lon qilingan.
Bo‘ron mamlakatning sharqiy va janubiy hududlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Tennessi shtatida 330 mingga yaqin, Missisipida 160 mingdan ortiq hamda Luizianada qariyb 135 ming kishi elektrsiz qolgan. Rasmiylarga ko‘ra, uzilishlarga elektr uzatish tarmoqlarining muzlab qolishi sabab bo‘lgan.
Nyu-York shahar meri Zohran Mamdani aholiga qor yog‘ishi davom etayotganini inobatga olib, uyda qolishni tavsiya qildi. Shaharning ayrim hududlarida qor qalinligi 23 santimetrgacha yetgan.
Nyu-Yorkdagi LaGuardia xalqaro aeroporti hamda Pensilvaniyadagi Lehigh Valley xalqaro aeroporti vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, rekord darajadagi sovuq va og‘ir ob-havo sharoiti sabab elektr uzilishlari bir necha kun davom etishi mumkin. Mamlakat so‘nggi 100 yil ichidagi eng kuchli muz bo‘ronlaridan biri sifatida baholanayotgan Fern bo‘ronidan jiddiy zarar ko‘rgan. Ushbu bo‘ron oqibatlari 200 milliondan ortiq aholiga ta’sir ko‘rsatgan.
Vaziyat “tarixiy” deya baholanmoqda. Aholi zarur mahsulotlarni zaxiralashga kirishgan bo‘lib, ayniqsa batareyalar, konservalar va gigiyena vositalariga talab oshgan. Sinoptiklar qor, bo‘ron va muzlaydigan yomg‘ir oy oxirigacha davom etishini prognoz qilmoqda.


