Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum bilan uchrashdi.
Muzokara chog‘ida o‘zbek milliy maqomi va musiqa madaniyatini dunyoga, jumladan, AQSHda targ‘ib qilish borasida fikr-mulohazalar almashildi. Shuningdek, AQSH tomoni O‘zbekistonning madaniy meros obyektlarini qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Deniyel Rozenblyum “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalidagi AQSHlik musiqachilarning ishtirokini mamnuniyat bilan esladi.
Uchrashuv davomida madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, 2022-yilning boshida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar tashkil etish, AQSHdagi O‘zbekistonga oid madaniy meros va mulklarni yurtimizga qaytarishga amaliy yordam berish kabi masalalar muhokama etilib, samarali takliflar bildirildi.
Bundan avval, O‘zbekiston-Filippin munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilingani hamda O‘zbekiston-Pokiston ishbilarmon doiralari Kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Муножат Валиева


