Avstriyaning yangi taʼlim vaziri Kristof Viderker boshlang‘ich va o‘rta maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlashini e’lon qildi. Bu yangi qoidaga ko‘ra, o‘quvchilar dars paytida ham, tanaffusda ham uyali telefon ishlata olmaydi.
Ilgari maktablar o‘z hududida mobil qurilmalardan foydalanishni cheklash yoki taqiqlash bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega edi. Ammo Viderkerning qarori bilan bu taqiq butun mamlakat bo‘ylab majburiy qoidaga aylantiriladi. Yangi tartib mart oyi oxirigacha Avstriya Ta’lim vazirligining qarori bilan rasmiylashtirilishi kutilmoqda.
Matbuot anjumanida ta’lim vaziri ushbu cheklov bo‘yicha mutaxassislar bilan maslahatlashganini va maktablarda mobil telefonlardan foydalanishning salbiy ta’siri hattoki koronavirus pandemiyasidan ham kattaroq ekani aniqlanganini ta’kidladi. Shuningdek, maktablar o‘quvchilarning telefonlarini qayerda saqlashni mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ladi, taqiq buzilganda esa o‘quvchilarga tegishli choralar ko‘riladi.
Mobil qurilmalarga bo‘lgan bunday cheklov Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida ham muhokama qilinmoqda yoki allaqachon amaliyotga joriy etilgan. Avstriyaning yangi qoidalari esa yoshlarning darsga e’tiborini oshirish va ta’lim sifatini yaxshilashga qaratilgan.


