Ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik taksichi Toshkent viloyatida o‘ldirib ketilgani haqida xabar tarqaldi.
Aniqlanishicha, 8 yanvar kuni Andijon viloyati, Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro O.Latipova tuman IIBga murojaat qilib, 7 yanvar kuni uydan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan 1991 yilda tug‘ilgan farzandi M.Otaxonovni topishda amaliy yordam so‘ragan.
M.Otaxonov “Cobalt” rusumli avtomashinasida “Andijon — Toshkent” yo‘nalishida qatnab, aholiga pullik transport xizmati ko‘rsatib kelgan.
Marhum 7-yanvar kuni soat 17:55 lar atrofida Shahrixon tumanidagi avtoturargohdan bir fuqarodan 11 650 AQSH dollarini Toshkent shahridagi tanishiga olib borib berish uchun olgan hamda notanish bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchilar birga o‘z avtomashinasida Toshkent shahri yo‘nalishida ketib, bedarak yo‘qolgan.
M.Otaxonovni qotillik qurboni bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 9 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va malakali tergov-tezkor xodimlardan iborat tarkibda tuzilgan tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.
Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida M.Otaxonovning murdasi 9-yanvar kuni Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi avtoturargohda o‘zining avtomashinasi yukxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan.
Jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor tadbirlar natijasida 3 nafar gumonlanuvchi Qo‘qon shahar hududidan ushlangan va tergovga jalb qilingan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 15-16 yoshli bolalar 45 yoshli taksichini vahshiylarcha o‘ldirib, dalaga tashlab ketganilgani haqida xabar berilgandi.


