Toshkentda DXX xodimlari tomonidan Umra ziyoratiga jo‘natishini aytib, qalbaki hujjatlar bilan o‘zbekistonliklarni Saudiya Arabistoniga jo‘natishni vaʼda qilgan bir guruh fuqoralar qo‘lgan olindi.
2021-yil 31-dekabr kuni 40 nafar o‘zbekistonlik Umra ziyoratiga borish uchun yo‘lga chiqadi. Ular Dubay orqali Saudiyaga uchishi kerak bo‘ladi, ammo soxta xujjatlar sababli qolib ketadi.
Mazkur holatdan so‘ng jinoyat zanjirini topgan DXX xodimlari navbatdagi tezkor tadbirda qalbaki hujjatlar bilan ziyoratga otlangan yana bir guruh fuqarolarni Toshkent xalqaro aeroportida to‘xtatib qoldi.
Tezkor tadbir davomida noqonuniy yo‘lar bilan qalbaki pasport tayyorlab berish bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, mazkur fuqarolar Saudiya Arabistoni qirolligi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi uchun soddalashtirilgan kirish rejimi – elektron viza qo‘llanilganidan foydalanib, Umra ziyoratiga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga muayyan haq evaziga Qozog‘istonning soxta pasportlarini tayyorlab, muntazam ravishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Umra ziyoratiga yuborish bilan shug‘ullanib kelishgan.
Ular soxta pasportlarni skanerda olingan elektron nusxasi orqali Saudiya Podshohligidan onlayn viza olib kelishgan. Ular o‘z xizmatlarini fuqarolarga 2 200 dollarga evaziga ko‘rsatib kelgan. Bundan 400 dollari viza xarajatlari, 800 dollari esa bilet xarajatlari hisoblangan.
Mazkur shaxslar nafaqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, balki Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolariga ham xizmat ko‘rsatib kelishgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


