Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan yoshlarni sportga jalb qilish, ularni jismoniy va ijtimoiy reabilitatsiya yoʻnalishida qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan “Besh tashabbus paralimpiya” dasi Respublika bosqichining taqdirlash marosimi Toshkent shahrida boʻlib oʻtdi.

Mazkur musobaqa Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 8-noyabrdagi PQ-389-son qarori asosida, yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish va nogironligi boʻlgan shaxslarni sport orqali reabilitatsiya qilishni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan. Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi ixtisoslashgan maktab va maktab-internatlarining 9–11-sinf oʻquvchilaridan iborat sportchilar ishtirok etdi.

Respublika finaliga mamlakatning turli hududlaridan saralangan 330 nafar oʻquvchi yetib kelib, gʻoliblik uchun bahs olib bordi. Ular oʻzining matonati, iroda kuchi va gʻalabaga boʻlgan ishtiyoqi bilan yigʻilganlarga motivatsiya va katta taassurot ulashdi.
Marosim yakunida musobaqa sovrindorlari faxriy yorliq, koʻkrak nishoni hamda sovrinlar bilan taqdirlandi.
Natijalarga koʻra:
• 1-oʻrin — Buxoro viloyati jamoasi
• 2-oʻrin — Toshkent shahri vakillari
• 3-oʻrin — Andijon viloyati sportchilari
deya eʼlon qilindi.

Tadbir nogironligi boʻlgan bolalarning isteʼdodi va gʻayratini qoʻllab-quvvatlash, ularga yangi marralar sari kuch va ruh bagʻishlashga qaratilgan muhim sahifalardan biri sifatida esda qoldi. Shu kabi loyihalar yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar ochib, ularni yirik sport maydonlariga chiqishiga xizmat qilishi shubhasiz.


