Jizzax viloyatining Forish tumanida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida qayd etilgan ommaviy zaharlanish holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Bolalar ombudsmani instituti vakillari voqea joyiga borib, tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan bolalar holatini o‘rgandi. 10-oktabr holatiga ko‘ra, to‘rt yoshdan olti yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar bola shifokorlar nazoratida qolmoqda. Ularning ahvoli barqaror, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Tashrif davomida ombudsman ota-onalar, tibbiyot xodimlari hamda mas’ul mutasaddilar bilan uchrashib, bolalarning davolanish jarayoni va holati yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot oldi.
Eslatib o‘tamiz, Forish tumanining bir nechta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 37 nafar bola ovqatdan keyin isitma, ko‘ngil aynishi va ich buzilishi kabi alomatlar bilan murojaat qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar iste’mol qilgan sut mahsulotlari tahlilga yuborilgan.
Mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi doirasida ish qo‘zg‘atilib, hodisaning barcha jihatlari bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.


