Bugun, 8 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, hududlar darajasidagi samarali aloqalarni, faol madaniy-gumanitar va taʼlim almashinuvini kengaytirish maqsadida o‘zaro muvofiqlashgan ishlar va amaliy idoralararo hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Shu maʼnoda, joriy yilning kuzida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uning natijadorligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.


