6-dekabr kuni soat 09:40 da Buxoro viloyati Kogon tumani “Mustaqillik” mahalla hududida joylashgan “SHAMS LTD” MCHJga tegishli portlovchi moddalar ishlab chiqarish sexida chaqnash sodir bo‘ldi va natijada yong‘in yuzaga keldi. Favqulodda vaziyat to‘g‘risidagi xabar kelib tushgan zahoti Buxoro viloyati FVBning 7 ta qutqaruv bo‘linmasi voqea joyiga yetib borib, yong‘inni soat 10:27 da to‘liq bartaraf etdi.
Tashkilot 2019-yildan buyon tog‘-kon sanoati korxonalariga portlovchi moddalar yetkazib berish bilan shug‘ullanib keladi. Hodisa sodir bo‘lgan paytda sexning ombor qismida 30 nafar xodim bo‘lgan. Chaqnash oqibatida 4 nafar ishchi halok bo‘ldi. Yengil tan jarohati olgan 4 nafar xodim shifokorlar kuzatuviga olingan, ulardan 2 nafari ambulator yordamdan so‘ng uyiga qaytishga ruxsat berilgan.
O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘i bilan Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisi A. Rafiqov boshchiligida vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiyaga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, hodisa oqibatlarini bartaraf etish, sabablarni o‘rganish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish vazifalari yuklatildi.
Hozirda voqea joyi to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, tegishli xizmatlar tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda.


