Bugungi kunda tibbiyot sohasidagi transformatsiya jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni amalyotga tatbiq etilayotgan Reimbursatsiya dasturi misolida ham ko‘rish mumkin. Reimbursatsiya, ya’ni “xarajatlarni qoplash” ma’nosini anglatadigan bu tizim 2020 — 2024 yillar davomida Sirdaryo viloyatida sinovdan o‘tkazildi. Hozirgi paytda esa Sirdaryo viloyati bilan birga Toshkent shahrida ham amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Xo‘sh, bu dasturning asosiy mohiyati nimadan iborat, bu orqali qanday maqsadlar ko‘zlanmoqda? Ushbu ezgu ishda Prezidentimizning 2024-yil 5-sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lganini aytish zarur. Zero, unda shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron resept asosida dori vositalari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida bemorga dorixonalar tomonidan bepul berilishi va barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yilgan.
Hozir dasturga 7 xil surunkali xastalik — gipertoniya, yurak-ishemik kasalligi, qandli diabetning 2 turi, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv xastaligi kiritilgan bo‘lib, ularga chalingan bemorlarga 27 xil dori-darmonlar bepul beriladi. Tizimdan foydalanish imkon qadar soddalashtirilgan. Fuqaro, avvalo, oilaviy shifokorga borib uchraydi. Bordi-yu, unda sal ilgariroq nomlari keltirib o‘tilgan kasalliklardan biri aniqlanadigan bo‘lsa, shifokor elektron resept shakllantiradi.
So‘ng bemor telefoniga SMS kod keladi va shu kod Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga ham boradi. Bemor yoki uning yaqinlaridan biri shu SMS kodni dorixona xodimiga ko‘rsatib, reseptdagi dorilarni olishi mumkin bo‘ladi. SMS yaxshi ishlamaydigan joylardagi bemorlar nima qiladi? Albatta, bu masala ham hisobga olingan. Oilaviy shifokor tomonidan QR-kodli elektron resept shakillantiriladi va bemorga beriladi.
Bemor yoki uning yaqinlaridan biri QR-kodli elektron reseptni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixona xodimiga taqdim etadi va o‘ziga kerakli dori vositalarini oladi. Ammo shu bilan jarayon yakunlanmaydi. Bemor o‘zi olgan dorilarni qabul qilib bo‘lgach, yana shifokor huzuriga keladi. Shifokor uni tekshirib bo‘lgach, yangi elektron reseptni shakllantiradi. Bu galgi dorilar miqdori, ya’ni dozasi farq qilishi mumkin. Muhimi, ana shu jarayon to bemor darddan to‘liq forig‘ bo‘lib ketgunicha davom etadi.
Shu o‘rinda yana bir jihatni ko‘zdan qochirmaslik kerak. Gap bemorlarda kuzatiladigan o‘ziga xos “injiqlik” haqida bormoqda. Ayrim bemorlarning dori vositalarini vaqtida qabul qilmasligi holatlari uchrab turadi. Bu jihat ham dastur ijodkorlari e’tiboridan chetda qolmagan. Patronaj hamshirasi o‘zining hududida dastur doirasidagi necha bemor borligini yaxshi biladi va tez-tez ularning uyiga borib, nazorat qilib turadi. Kimdir dorini vaqtida qabul qilmayotgan bo‘lsa, hamshira tushuntirish ishlari olib boradi.


