BAAda, xususan, Dubay shahrida o‘zbekistonlik fuqarolar o‘rtasida ro‘y bergan jinoiy to‘qnashuv ortidan ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida xavotirlar bildirilmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning ma’lum qilishicha, BAA tomoni hozirda bu holat yuzasidan tergov harakatlarini olib bormoqda.
“Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuvda 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingani va bu kabi holatlar soni oshayotgani qayd etildi”, — deya ta’kidladi TIV vakili. Aynan shu kabi qonunbuzarliklar ikki tomonlama viza yengilliklari qayta ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Tashqi ishlar vazirligi o‘zbekistonliklarni xorijda yurtdoshlar sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirdi. Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 16-fevraldan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Dubayga vizasiz safar qilish huquqiga ega bo‘lgan edi — ular BAAda 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin.


