Ayni paytda Boysun tumanidagi Boybuloq, Vishnevskiy, Xo‘ja G‘ur-G‘ur ota g‘orlari rossiyalik maxsus ekspeditsiya tomonidan o‘rganilmoqda. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, g‘orshunoslar Cho‘lbayir tog‘ tizmasidagi Boybuloq va Vishnevskiy g‘orlarini tadqiq etib, bu ikki g‘orning tutashgan qismini izlab topishmoqchi.
Boybuloq g‘ori tuman markazidan 65 km uzoqlikda joylagan. Tog‘li hududdagi Dehibolo qishlog‘idan og‘ir tog‘ yo‘li orqali 6-7 soatda yetib boriladi.
Ekspeditsiya rahbari Vadim Loginovning qayd etishicha, Boybuloq va Vishnevskiy g‘orlari tutashgan bo‘lishi mumkin. Oradagi masofa atigi 70 metr chamasi. Boybuloq g‘orining aniqlangan g‘or yo‘llari 8 km.ni, chuqurligi esa 1 238 metrni Vishnevskiy g‘orining aniqlangan g‘or yo‘llari 14 km.ni, chuqurligi esa 1 430 metrni tashkil etmoqda.
Maʼlumot o‘rnida: hozirda dunyoda Gruziyadagi Krubera g‘ori eng chuqur g‘or hisoblanadi. Uning chuqurligi 2 196 metrni tashkil etadi. Agar g‘orshunoslarning taxminlari haqiqat bo‘lib chiqsa, Boysundagi "Qorong‘i yulduz" deya nomlangan ushbu g‘or dunyodagi eng chuquri bo‘lishi mumkin.


