Haydovchilik guvohnomasini yo‘qotgan fuqarolar endilikda YPX bo‘limiga bormasdan, my.gov.uz portali orqali hujjatni tiklashlari mumkin.
Foydalanuvchi “Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish” xizmatidan “Yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash” bo‘limini tanlab, ariza topshiradi. Xizmat narxi 370 800 so‘mni (0,9 BHM) tashkil etadi. Agar guvohnomani pochta orqali olishni xohlasa, qo‘shimcha 25 000 so‘m to‘lov qilinadi.
Yangi guvohnoma odatda 1 ish kuni ichida tayyorlanadi. Agar pochta orqali yetkazib berish tanlansa, hujjat 3 ish kuni ichida fuqaroga yetkaziladi. Shu orqali haydovchilar o‘z huquqlarini qisqa vaqt ichida qayta tiklab olishlari mumkin bo‘ladi.
Biroq ayrim hollarda arizalar rad etilishi ham mumkin. Masalan, tizimda haydovchiga oid ma’lumotlar tasdiqlanmagan bo‘lsa, fuqaro transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa yoki MJtKning 131 hamda 136-moddalari bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, xizmatdan foydalanish imkoni bo‘lmaydi.


