Samarqand shahrida Italiyaning Tushia universiteti filiali ochilishi rejalashtirilmoqda. Rasmiy ochilish marosimi joriy yilning 30 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi, o‘quv jarayoni esa 2026 yil yanvaridan boshlanadi.
Bu haqda O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev va Tushia universiteti rektori Stefano Ubertini uchrashuvi chog‘ida ma’lum qilindi. Rektorning ta’kidlashicha, bu — universitetning xorijdagi ilk filiali bo‘lib, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ta’lim berishga ixtisoslashadi.
Filial Samarqand agroinnovasiya va ilmiy tadqiqot instituti hududida joylashadi. Unda talabalarga Italiyaning agrar sohadagi ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim beriladi.
Ma’lumot uchun, Tushia universiteti 1979 yilda Italiyaning Viterbo shahrida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 8 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.


