Filippinning markaziy hududida 6,9 magnitudali zilzila yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat kamida 69 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 150 dan ortiq fuqaro tan jarohati oldi. Bu haqda Reuters agentligi qutqaruv xizmatlariga tayanib xabar berdi.
AQSh Geologiya xizmati (USGS) bergan ma’lumotga ko‘ra, yer silkinishi 30-sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:00 atrofida yuz bergan. Epitsentr Sebu provinsiyasi sohillarida qayd etilgan.
Filippin fuqarolik mudofaa boshqarmasi o‘lim holatlarini tasdiqladi. Qutqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, Bogo shahrida 30 kishi halok bo‘lgan. San-Remijio shahrida esa sport majmuasi qulashi oqibatida kamida 13 kishi vafot etgan, ular orasida sohil qo‘riqlash xizmati vakillari va bir o‘t o‘chiruvchi ham borligi ma’lum qilindi.
Mahalliy shifoxonalar jabrlanganlar oqimi sabab to‘lib ketgan. Hududda elektr ta’minoti qisman uzilgan, ko‘priklar va binolarda jiddiy shikastlanishlar kuzatilgan. Sebu provinsiyasi hukumati favqulodda holat e’lon qilib, vayronalar ostida qolganlarni qutqarish va aholini zarur yordam bilan ta’minlash ishlarini olib bormoqda.


