AQSh Prezidenti Donald Tramp Nobel tinchlik mukofoti bo‘yicha qaror masalasida o‘z munosabatini bildirdi. Unga ko‘ra, 2025-yilgi mukofot aynan unga topshirilishi lozim.
Virjiniya shtatidagi Kvanitiko harbiy bazasida yuqori lavozimli harbiylar bilan uchrashuv chog‘ida Tramp shunday dedi: “Agar Nobel mukofoti menga berilmasa, bu nafaqat shaxsan men uchun, balki butun Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun haqorat bo‘ladi. Men bu mukofotni o‘zim uchun emas, mamlakatim nomidan olishni istayman.”
Tramp o‘zining prezidentlik davri boshidan buyon qator xalqaro ziddiyatlarni bartaraf etishga hissa qo‘shganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Hindiston va Pokiston, Misr va Efiopiya, shuningdek, Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi keskinliklarni yumshatishga muvaffaq bo‘lgan.
Shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu avvalroq Nobel qo‘mitasiga murojaat qilib, Trampning G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish bo‘yicha tashabbuslarini e’tirof etib, uni mukofotga loyiq deb topishga chaqirgan edi.


