Nepalda qadimiy an’ana asosida yangi Kumari — “tirik ma’buda” e’lon qilindi. Bu sharafli maqom ikki yoshli Aryatara Shakyaga berildi. U sakkiz yoshli Trishna Shakya o‘rnini egalladi, deb xabar qiladi Euronews.
Hind ma’budasi Talejuning ramzi hisoblangan Kumari maqomi Nepal buddaviylik an’analarida muqaddas o‘rin tutadi. Bu maqomga ega bo‘lgan qiz endilikda oddiy bolalik hayotidan butunlay uziladi: u ko‘chalarda erkin yura olmaydi, oddiy maktabda ta’lim ololmaydi va o‘z tengdoshlari bilan o‘yin o‘ynash huquqidan ham mahrum bo‘ladi. Kumari faqat Kumari Chowk saroyida yashab, maxsus marosimlarda ishtirok etadi.
Tanlov jarayonida qizning sog‘ligi, jismoniy kuchi va 32 ta mukammallik belgisi baholanadi. Shuningdek, bo‘lg‘usi Kumari maxsus “jasorat sinovi”dan ham o‘tadi: qorong‘u xonada kesilgan buyvol boshchalari va qo‘rqinchli niqob kiygan odamlar orasida tunni o‘tkazishi kerak bo‘ladi.
Endilikda ikki yoshli Aryatara Shakya Kumari sifatida dindorlarni duo qiladi, davlat va diniy marosimlarda ishtirok etadi. U doimo qizil rangdagi libos kiyadi, peshonasida esa “uchinchi ko‘z” tasviri chiziladi. Ziyoratchilar unga eng oliy hurmat ifodasi sifatida peshonalarini uning oyoqlariga tekkizadilar.
Yangi Kumari payshanba kuni mamlakat prezidenti uchun duo marosimida qatnashishi kutilmoqda.


