Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb 30–31-oktabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Bu haqda Finlyandiya prezidentining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tashrif doirasida 31-oktabr kuni prezident Stubb Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar olib boradi. Uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, Yevropa va Markaziy Osiyoda kechayotgan geosiyosiy jarayonlar, shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilinadi.
Shuningdek, tomonlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, sarmoya, ta’lim va innovatsiyalar sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratadi.
Prezident Stubb tashrif davomida biznes-seminarda qatnashadi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ma’ruza o‘qiydi hamda O‘zbekistonning yetakchi siyosatshunoslari va iqtisodiy ekspertlari bilan uchrashadi.
Finlyandiya delegatsiyasi tarkibida parlament deputati, O‘zbekiston bilan do‘stlik guruhi rahbari Ville Skinnari hamda bir qator yirik fin kompaniyalari vakillari ishtirok etadi. Ularning tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Finlyandiya prezidenti O‘zbekistonga so‘nggi marta 1992-yilda Mauno Koyvisto davrida tashrif buyurgan edi. 30 yildan ortiq tanaffusdan so‘ng amalga oshirilayotgan bu tashrif ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishi, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.


