1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat

O‘zbekistonlik Sergey Lebedev yana MDH rahbarligiga saylandi

Jizzaxda tug‘ilgan Lebedev 2007-yildan beri MDH Ijroiya qo‘mitasini boshqarib kelmoqda.

O‘zbekistonlik Sergey Lebedev yana MDH rahbarligiga saylandi

Dushanbeda 10-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida o‘zbekistonlik Sergey Lebedev uch yillik yangi muddatga MDH Ijroiya qo‘mitasi rahbari — Bosh kotibi lavozimiga qayta tayinlandi.

 

Yig‘ilishning tor doiradagi qismida qabul qilingan qarorga ko‘ra, Lebedevning vakolati yana uch yilga uzaytirildi. U o‘z nutqida davlat rahbarlariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida do‘stlik, barqarorlik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash yo‘lidagi faoliyatini davom ettirishini ta’kidladi.

 

Sergey Lebedev 1948-yil 9-aprelda Jizzax shahrida tug‘ilgan. U uzoq yillar davomida davlat xavfsizlik organlari va tashqi razvedka tizimida faoliyat yuritgan. 2000-yilda Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori lavozimini egallagan.

 

Lebedev 2007-yildan beri MDH Ijroiya qo‘mitasini boshqarib kelmoqda. Uning vakolati ilgari ham bir necha bor — 2012, 2016, 2017, 2019 va 2022-yillarda uzaytirilgan.

 

Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti ham so‘zga chiqib, Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida yosh mutaxassislar hamkorligini mustahkamlash, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha yangi davlatlararo shartnoma ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика