14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shu bilan birga, mintaqalar darajasidagi kooperatsiya loyihalarini kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Tomonlar, shuningdek, madaniyat, san’at va ta’lim sohalaridagi hamkorlikning izchil rivojlanayotganini e’tirof etdilar. Xususan, muhandislik sohasida malakali kadrlarni tayyorlash yo‘nalishida olib borilayotgan qo‘shma tashabbuslar yuqori baholandi.
Suhbat yakunida Prezidentlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda o‘zaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishga tayyorliklarini bildirdilar.


