O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Misrning Sharm al-Shayx shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Qatar Davlati Amirlar mahkamasining bir guruh xodimlari halok bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.
Vazirlik bayonotida ushbu fojiali voqea haqidagi xabar O‘zbekistonda katta qayg‘u bilan qabul qilingani ta’kidlanadi.
“Qatar Davlati Amirlar mahkamasining xodimlari halok bo‘lganligi bizni chuqur larzaga soldi. O‘zbekiston xalqi va hukumati nomidan marhumlarning oila a’zolari hamda butun Qatar xalqiga samimiy ta’ziya izhor etamiz”, — deyiladi TIV murojaatida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 12-oktabrga o‘tar kechasi Sharm al-Shayxdan 50 kilometr masofada sodir bo‘lgan. Qatarning G‘azo sektoridagi muzokaralarda ishtirok etayotgan delegatsiyasi a’zolari bo‘lgan Abdulloh bin G‘anim Al-Xayarin, Hasan Al-Jobir va Saud bin Tamer Al-Than hayotdan ko‘z yumgan.
Qatarning Misrdagi elchixonasi diplomatlarning vafotini tasdiqlagan. Yana ikki nafar delegatsiya a’zosi tan jarohati bilan Sharm al-Shayx xalqaro kasalxonasiga yotqizilgan.


