Global isish natijasida dengiz sathining ko‘tarilishi Tinch okeanidagi kichik orol davlatlar uchun hayot-mamot masalasiga aylanmoqda. Butunjahon meteorologiya tashkiloti (WMO)ning yangi hisobotiga ko‘ra, 2024-yilda Tinch okeanining janubi-g‘arbiy qismida rekord darajadagi harorat qayd etilgan. Bu esa mintaqada suv sathining tez ko‘tarilishiga olib kelmoqda.
Hisobotda har yili kamida 50 mingga yaqin inson iqlim o‘zgarishi tufayli o‘z uylarini tark etish xavfi ostida qolayotgani ta’kidlangan. Orollarda yashovchi aholining yarmi qirg‘oqdan atigi 500 metr masofada hayot kechiradi — bu esa ularni kuchli to‘lqinlar, suv toshqinlari va yer osti suvlarining ko‘tarilishi kabi xavflarga nisbatan yanada himoyasiz qiladi.
Mahalliy aholi xavfli hududlarda qolish yoki xavfsizroq hududlarga ko'chib o'tish haqida qiyin qarorlar qabul qilishga majbur.


