Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni Buxoro viloyatida o‘tkazgan yig‘ilishda hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish va aholi bandligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda Hindiston kompaniyasi viloyatda zamonaviy jarrohlik markazi qurishi, turk investorlar Peshku tumanida grafit qazib olish va qayta ishlash loyihasini yo‘lga qo‘yishi, vetnamlik tadbirkorlar esa zamonaviy turar-joy majmuasi barpo etishi rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Umumiy qiymati 1 milliard 700 million dollarlik 21 ta loyiha doirasida 32 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi va 180 million dollarlik eksport imkoniyatlari ochilishi kutilmoqda. Shuningdek, turizmni rivojlantirish maqsadida Buxoroda xorijiy investorlar ishtirokida yirik savdo va ko‘ngilochar bog‘ qurilishi belgilangan. Hududning sanoat salohiyatini oshirish uchun neft-gaz, quyosh va shamol energetikasi sohalarida yirik korxonalar atrofida kichik ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham bir qator topshiriqlar berildi. Xususan, Peshkuda aholiga ijaraga berilgan yerlar asosida arzon issiqxonalar qurib, eksportbop ekinlar yetishtirish tajribasini kengaytirish, viloyat bo‘yicha qo‘shimcha 5 ming xonadonda issiqxonalar tashkil etish, 15 ming gektarda uzum, o‘rik, gilos va anjir kabi eksportbop meva bog‘larini barpo etish rejalashtirildi.
So‘nggi sakkiz yilda viloyat iqtisodiyotiga 8 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilinib, sanoat korxonalari soni 6 mingtagacha yetdi. Yillik sayyohlar soni 1 million 700 ming nafarga oshdi. Prezidentimiz bu sur’atlarni davom ettirish, yangi imkoniyatlarni ishga solish va aholi farovonligini oshirish zarurligini qayd etdi.


