Hindistonning Haryana shtati Gurgaonda joylashgan klinikada tibbiyot tarixiga kiruvchi noodatiy jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bir oyli chaqaloqqa qilingan operatsiya chog‘ida uning qornidan ikki rivojlanmagan homila muvaffaqiyatli chiqarib olindi. Bu haqda The Times of India nashri xabar berdi.
Mutaxassislarning izoh berishicha, mazkur holat “homila ichida homila” deb yuritiladi va juda kam uchraydi — har 500 ming tug‘ilishdan birida. Bunday anomaliya homiladorlikning dastlabki haftalarida yuzaga keladi: egizaklardan biri rivojlanmay qolib, ikkinchisining tanasida joylashib qoladi.
Shifokorlarning ma’lum qilishicha, chaqaloqning onasi uch egizakni kutgan, biroq homiladorlik davomida rivojlanmagan homila qolgan ikkitasi bilan qo‘shilib ketgan. Bola tug‘ilgandan yigirma kun o‘tgach, qorni shishib, ovqatlanishi to‘xtaganidan so‘ng shifoxonaga olib borilgan. Tekshiruv jarayonida oshqozon sohasida o‘sma shaklidagi tuzilma aniqlangan, jarrohlik vaqtida esa bu rivojlanmagan embrionlar ekani ma’lum bo‘lgan.
15 nafar mutaxassis ishtirokida ikki soat davom etgan murakkab operatsiya chaqaloqning ichki organlariga shikast yetkazmaslik uchun yuqori aniqlikda o‘tkazilgan.
“Bunday holat tibbiyotda nihoyatda noyob hisoblanadi. Bir emas, ikki embrionni bir chaqaloq ichida uchratish — biz uchun katta tajriba bo‘ldi. Eng murakkab jihati esa shunchalik kichkina organizmda nozik jarrohlikni bajarish bo‘ldi”, — deydi shifokorlardan biri.
Ayni paytda chaqaloqning ahvoli barqarorlashgani va o‘zini yaxshi his qilayotgani ma’lum qilindi.


