Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, “AlfaStraxovanie” sug‘urta kompaniyasi Ozarbayjon havo yo‘llari (AZAL)ga Aktau yaqinida halokatga uchragan samolyot uchun to‘liq sug‘urta to‘lovini amalga oshirdi. Kompaniya 1,003 mlrd rubl (12,34 mln dollar)ni to‘lab berdi. Bu haqda The Times od Central Asia xabar berdi.
Shuningdek, halokatda jarohatlangan va hayotdan ko‘z yumgan yo‘lovchilarning oilalariga 358,4 mln rubl (4,4 mln dollar) miqdorida kompensatsiya berildi. 62 yo‘lovchidan 46 nafari — 7 rossiyalik, 35 ozarbayjonlik, barcha 3 qirg‘izistonlik va 1 qozoq fuqarosi sug‘urta to‘lovini oldi.
Rossiya TIV ba’zi OAVda tarqalgan “kompensatsiyalar to‘lanmadi” degan iddaolarni qat’iyan rad etdi. Vazirlik bu gaplarni “haqiqatga zid bo‘lgan mish-mishlar va tomoshabinlarda hissiy reaksiya uyg‘otishga qaratilgan urinish” deb baholadi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 25-dekabrda Boku–Grozniy yo‘nalishidagi Embraer 190 samolyoti qulab tushib, 38 kishi vafot etgan edi. Boku mazkur fojia uchun Rossiya havo mudofaasini ayblagan, voqea yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.


