Apple kompaniyasi 2025-yilda iPhone Pro modelining so‘nggi olti yildagi ilk dizayn yangilanishini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Internetda tarqalgan iPhone 17 Pro maketlari yangi dizayn aynan shu shaklda bo‘lishini tasdiqlamoqda, deb xabar beradi point.md nashri.
iPhone 11 Pro’dan beri o‘zgarmay qolgan klassik burchakli kamera bloki o‘rniga endilikda orqa panelning to‘liq kengligiga cho‘zilgan yangicha kamera moduli paydo bo‘ladi. Kameralarning joylashuvi saqlanadi, biroq LiDAR skaneri va yoritgich qurilmaning o‘ng chetiga siljitiladi. iPhone 17 Pro Max modelida ham aynan shu dizayn qo‘llaniladi.
Texnik jihatdan ham sezilarli o‘zgarishlar kutilmoqda. OAV xabarlariga ko‘ra, iPhone 17 Pro va 17 Pro Max modellari uchta 48 megapikselli kamera bilan jihozlangan ilk iPhone bo‘ladi. Avval 12 megapikselli bo‘lgan telefoto linza endilikda 48 MP bo‘ladi, bu suratga olish sifati va masofani ko‘proq aniqlikda qamrab olish imkonini beradi.
Bundan tashqari, iPhone 17 seriyasining barcha modellari 24 megapikselli old (selfi) kamera bilan ta’minlanadi — bu 5 yil ichida “selfi kamera”da amalga oshiriladigan birinchi muhim yangilanishdir.
Apple’ning sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan an’anaviy taqdimoti arafasida yana bir qiziqarli tafsilot paydo bo‘ldi — mish-mishlarga ko‘ra, kompaniya iPhone Plus o‘rnini bosuvchi mutlaqo yangi “iPhone 17 Air” modelini ham taqdim etadi. Aytishlaricha, u Apple tarixidagi eng yupqa smartfon bo‘lib, qalinligi bor-yo‘g‘i 5,5 mm bo‘ladi.


