Ispaniyaning Arkos-de-la-Frontera shahrida o‘tkazilgan an’anaviy encierro festivali chog‘ida 570 kilogrammlik buqa to‘siqni buzib o‘tib, tomoshabinlarga hujum qildi. Daily Mail manbasiga ko‘ra, Infinito nomli buqa panjara yaqinida turgan bolalarni va kattalarni shoxlari va tuyoqlari bilan urib, odamlar orasidan yugurib o‘tgan.
Ushbu festival ekstremal sport ishqibozlari uchun mashhur bo‘lib, unda buqalar ko‘chalarda erkin yugurishga qo‘yib yuboriladi. Biroq bu safargi holatda xavfsizlik choralari yetarli bo‘lmay, buqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomoshabinlar tomon otlandi. Bolalar, tomoshani yaxshiroq ko‘rish uchun ota-onalari tomonidan panjara yaqiniga olib chiqilgan edi. Afsuski, aynan ular buqaning ilk zarbasiga duch kelib, eng og‘ir zarba olishgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 20 kishi buqa ostida qolgan, uch nafari esa shifoxonaga yotqizilgan. Pushti qalpoq kiygan havaskor matador buqani chalg‘itib, tomoshabinlardan uzoqlashtirishga muvaffaq bo‘ldi va hayvon keyinchalik qo‘raga qaytarildi.


