Isroil mudofaa vaziri İsrael Kats mamlakat janubida ikki yil davom etgan favqulodda holat bekor qilinganini ma’lum qildi.
Bu haqda The Times of Israel nashriga tayanib, xalqaro OAVlar xabar berdi.
Vazirning ta’kidlashicha, ushbu qaror Isroil janubidagi “yangi xavfsizlik voqeligi”ni aks ettiradi. Unga ko‘ra, bunga Isroil mudofaa kuchlarining so‘nggi ikki yil davomida XAMAS terrorchilik tashkilotiga qarshi olib borgan qat’iy va tizimli harakatlari sabab bo‘lgan.
“Biz Isroil mudofaa kuchlarining tavsiyalariga amal qildik va 2023-yil 7-oktabrdan buyon ilk marta front ortidagi maxsus ogohlantirish holatini pasaytirdik”, — dedi İsrael Kats.
Ma’lum qilinishicha, Isroil hukumati 2023-yil 7-oktabr kuni XAMASning hujumi ortidan favqulodda holat e’lon qilgan edi. Keyinchalik u faqat mamlakat janubiy hududlari bilan chegaralangan holda davom ettirilgan.
Isroil tomoni bu qarorni mamlakatdagi xavfsizlik barqarorlashganining muhim belgisi sifatida baholamoqda.


