1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Jizzaxda bolalar uchun soxta xayriya yig‘ib firibgarlik qilgan shaxs ushlandi

U avval kasal bo‘lgan, ammo hozirda sog‘ayib ketgan bolalarning fotosuratlaridan foydalangan holda ijtimoiy tarmoqlarda xayriya yig‘ish eʼlonlarini joylashtirgan.

Jizzaxda bolalar uchun soxta xayriya yig‘ib firibgarlik qilgan shaxs ushlandi

 

O‘zbekistonda bolalarni davolash uchun xayriya yig‘ish niqobi ostida internet orqali firibgarlik qilgan shaxs fosh etildi. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi.

 

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, holat bolalardan birining otasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganidan so‘ng aniqlangan. U internet tarmoqlarida farzandining fotosuratlari va davolanishi uchun xayriya puli yig‘ilayotgani haqida xabar tarqalayotganini bildirgan hamda maʼlumotlarning noqonuniy tarqalishiga chek qo‘yishni so‘ragan.

 

Tekshiruv davomida ushbu firibgarlikni 26 yoshli Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro sodir etgani aniqlangan. U avval kasal bo‘lgan, ammo hozirda sog‘ayib ketgan bolalarning asl fotosuratlaridan foydalangan holda, o‘zini ularning ota-onasi sifatida tanishtirib, ijtimoiy tarmoqlarda xayriya yig‘ish eʼlonlarini joylashtirgan. Yig‘ilgan mablag‘lar shaxsiy bank kartalariga kelib tushgan va shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflangan.

 

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi — axborot texnologiyalaridan foydalangan holda firibgarlik sodir etish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Qonunchilikka muvofiq, mazkur jinoyat uchun 300 dan 400 baravar bazaviy hisoblash miqdori (123 million so‘mdan 164 million so‘mgacha) jarima, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика