Irlandiyalik mashhur MMA jangchisi va sobiq UFC jahon chempioni Konor MakGregor o‘zining “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida mamlakat prezidentligiga nomzod sifatida saylov kampaniyasini boshlaganini ma’lum qildi.
Sportchi tarafdorlarini uning nomzodini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy saylov okrugi deputatlari bilan bog‘lanishga chaqirdi. Agar prezident etib saylansa, MakGregor Irlandiya chegaralarini mustahkamlash, Yevropa Ittifoqining migratsiya paktidan chiqish va “import qilingan jinoyatchilar” sifatida ta’riflagan shaxslarni deportatsiya qilishga va’da berdi.
Shuningdek, u 1922-yilgi konstitutsiyada belgilangan xalq tomonidan qonunlarni qabul qilish va veto huquqini tiklash tashabbusi bilan ham chiqdi.
Ma'lumot uchun, Irlandiyada prezidentlik saylovi joriy yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.


