“Bloomberg” xabariga ko‘ra, 2025 yil davomida Shimoliy Koreya (KXDR) bilan bog‘liq xakerlik guruhlari tomonidan qariyb 2 milliard dollarlik kriptovalyuta o‘g‘irlangan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 50 foizdan ko‘proq o‘sishni anglatadi. Chainalysis tahliliga ko‘ra, ushbu mablag‘lar yil boshidan buyon kripto sanoatida qayd etilgan jami 3,4 milliard dollarlik o‘g‘irliklarning asosiy qismini tashkil etgan.
Eng yirik hodisa fevral oyida sodir bo‘lgan bo‘lib, unda shimoliy koreyalik xakerlar Bybit kriptobirjasidan 1,5 milliard dollarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, KXDR bugungi kunda davlatlar orasida kriptovalyuta xavfsizligiga eng jiddiy tahdid solayotgan subyektlardan biri bo‘lib qolmoqda. Chainalysis’ning milliy xavfsizlik bo‘yicha eksperti Endryu Fiermanning aytishicha, kripto o‘g‘irliklar Pxenyan uchun muhim moliyaviy manbaga aylangan va bu mablag‘lar rejimni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Tadqiqotchilar Shimoliy Koreya xakerlari o‘g‘irlangan aktivlarni yashirish va “yuvish” uchun tobora murakkab usullardan foydalanayotganini qayd etmoqda. Jumladan, tranzaksiyalarni kichik qismlarga bo‘lib o‘tkazish orqali monitoring tizimlaridan chetlab o‘tilmoqda. Noyabr oyida Janubiy Koreyaning yirik Upbit kriptobirjasida 30 million dollarlik aktivlar o‘g‘irlangani ham Lazarus guruhi bilan bog‘langan. Mutaxassislar bu holatlar global kriptobozor uchun xavflar saqlanib qolayotganini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.


