Toshkent shahridagi Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida bloger Miraziz Bozorovga nisbatan jinoyat ishi 20 yanvar kuni soat 11:00 da ko‘rib chiqish boshlandi.
Bu haqida O‘zbekiston Oliy sudining interaktiv xizmatlar portalidagi maʼlumotlar xabar berdi.
Unga ko‘ra, ochiq sud muhokamasi sudya Sardorbek Sodiqov raisligida bo‘lib o‘tadi.
Jabrlanuvchilar sifatida Shuhrat Zoyir o‘g‘li Musayev (bloger), Abror Muxtoraliyevich Abduazimov (O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi), Dmitriy Abdukarimovich Rasulov va Jahongir Zohidjonovich Salimovlar ko‘rsatilgan.
Maʼlumot uchun: Miraziz Bozorov 28 mart kuni o‘z uyi oldida kaltaklangan edi. Unda bir necha jarohat va sinishlar qayd etilgan. Shu kuni u "anime va K-pop" muxlislarini poytaxt markaziga yig‘ilishga chaqirgan.
Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tgan. O‘nlab erkaklar Forumlar saroyi qarshisida yo‘lning harakat qismida yurib, “Allohu akbar!” deb takbir aytgan.
IIBB 12 kishining qo‘lga olingani va Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismining “B” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan.
Cho‘lponoy Ahmedova


